Hayvonlar
Kuzgi tulki donoligi
Salom, Lykkerlar! Kuz — o‘zgarishlar fasli. Havo salqin tortadi, barglar tabiatni tillarang va kehribar tusga bo‘yaydi, jonivorlar esa hamma joyda oldinda kelayotgan sovuq oylarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydilar. Ular orasida qizil tulki moslashish borasida haqiqiy ustadir.
Olovrang juni to‘kilayotgan barglar bilan uyg‘unlashib ketgan tulki kuz faslining o‘ziga xos ramziga aylanadi. Ammo bu go‘zal manzara ortida omon qolish uchun kechadigan mashaqqatli davr yashiringan. Keling, tulkilar qishga qanday tayyorgarlik ko‘rishi va yilning eng og‘ir oylarida qanday yashab qolishini ko‘rib chiqaylik.
Energiya zaxirasini to‘plash
Harorat pasayishi bilan tulkilar ozuqa topish qiyinlashishini sezadilar. Ular kuzning katta qismini odatdagidan ko‘proq oziqlanishga bag‘ishlab, sovuqdan himoyalanish hamda ozuqa tanqis davrda zarur energiyani ta’minlash uchun tana yog‘i qatlamini hosil qiladilar.
Ularning ratsioni topish mumkin bo‘lgan barcha narsalar — mayda sutemizuvchilar, qushlar, hasharotlar va hatto yerga to‘kilgan meva yoki rezavorlar hisobiga kengayadi. Bunday imkoniyatdan foydalanib oziqlanish odati ularga qishdan omon chiqish uchun zarur bo‘lgan energiya zaxirasini to‘plashga yordam beradi.

Qalinroq jun qoplamining o‘sishi
Kuzda kuzatiladigan eng yaqqol o‘zgarishlardan biri — tulkining jun qoplamidir. Kunlar qisqargani sari tulkida qalinroq va zichroq jun qatlami o‘sa boshlaydi. Bu qishki jun qoplami sovuq haroratdan yaxshi himoya qiladi. Shuningdek, jun rangi to‘yinganroq tus olib, tulkiga kuzgi tabiat manzarasi orasida ko‘zga tashlanmay qolishga (atrof-muhitga moslashishga) yordam beradi. Tulkining serjun dumi ham yanada qalinlashadi va u uxlash uchun yumaloqlanib yotganida issiq ko‘rpa vazifasini o‘taydi.
Ov qilish va ozuqa zaxirasini g‘amlash
Tulkilar nafaqat ovchi, balki kelajakni o‘ylaydigan jonivorlardir. Kuzda ular ko‘pincha ehtiyojdagidan ko‘proq ov qiladilar va ortiqcha ozuqani keyinroq iste’mol qilish uchun yashirib qo‘yadilar. Ular kichik o‘ljani barglar yoki qor ostiga ko‘mib, uni qayta topa olishlari uchun o‘sha joyni o‘z hidlari bilan belgilab ketishlari mumkin. Bunday xatti-harakat ayniqsa qalin qor yoki noqulay ob-havo tufayli ov qilish qiyinlashgan kunlarda juda muhim ahamiyatga ega.
Inlarni topish yoki mustahkamlash
Qishda omon qolish uchun xavfsiz va iliq in juda muhimdir. Kuzda tulkilar yangi inlar qazishlari yoki mavjudlarini mustahkamlashlari mumkin. Ular ko‘pincha suv yaxshi oqib ketadigan va shamoldan himoyalangan joylarni tanlaydilar. In ichini esa qulay dam olish maskaniga aylantirish uchun quruq barglar, o‘t yoki jun bilan to‘shaydilar. Ba’zi tulkilar hatto boshqa hayvonlar tomonidan qoldirilgan inlardan foydalanib, oldinda turgan qish mavsumi uchun energiyani tejab qoladilar.
Ijtimoiy xulq-atvordagi o‘zgarishlar
Garchi tulkilar odatda yolg‘iz hayot kechiruvchi jonivorlar bo‘lsa-da, kuz fasli ularning ijtimoiy xulq-atvorida o‘zgarishlar yasashi mumkin. Bahorda tug‘ilgan yosh tulkilar o‘z hududlarini topish maqsadida tarqala boshlaydilar. Shu bilan birga, juftlashgan tulkilar qishda boshlanadigan ko‘payish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rib, birga ko‘proq vaqt o‘tkazishlari mumkin. Bunday ijtimoiy o‘zgarishlar tulkilarning tabiiy hayot tarzining bir qismi bo‘lib, turning davomiyligini ta’minlaydi.
Qisqaroq kunlarga moslashish
Kunduzgi yorug‘lik kamayishi bilan tulkilar o‘z faoliyat tartibini o‘zgartiradilar. Ular o‘lja ko‘proq uchraydigan hamda xira yorug‘lik himoya vazifasini o‘taydigan paytlarda — tong va shom chog‘larida faolroq bo‘ladilar. Bunday xulq-atvor kuz va qishning qisqa kunlarida ovni muvaffaqiyatli amalga oshirish bilan birga, ularning xavfsizligini ta’minlashga ham yordam beradi.

Kuz — o‘zgarishlar fasli, tulki esa tabiatda qishga eng nafosatli tarzda tayyorgarlik ko‘ruvchi jonzotlardan biridir. Energiya zaxirasini to‘plashdan tortib, qalinroq jun qoplamasini yetishtirish va ozuqa g‘amlab qo‘yishgacha bo‘lgan har bir harakat — omon qolish yo‘lidagi bir qadamdir. Tulkining tillarang yaproqlar orasida harakatlanishini kuzatish — yovvoyi tabiatning sokin qudrati va moslashuvchanligini eslatib turadi. Shu bois, kuzda tulkiga ko‘zingiz tushsa, uning ayni damda boshdan kechirayotgan — tayyorgarlik, matonat va yashirin go‘zallikka boy bo‘lgan bu serg‘ayrat faslini qadrlash uchun bir lahza to‘xtab o‘ting.